Bugungi kunda Xitoy shimoli-g‘arbidagi Shinjon-Uyg‘ur avtonom tumanida joylashgan “Tarim” konida Xitoydagi eng chuqur quduq burg‘ilanmoqda. Loyiha mintaqadagi asosiy neft va gaz qazib chiqaruvchilardan biri bo‘lgan Xitoy milliy neft-gaz korporatsiyasi – "CNPC” tomonidan amalga oshirilyapdi.


Kompaniya tomonidan so‘nggi yillarda chuqurligi 8 ming metr bo‘lgan jami 30 ta o‘ta chuqur quduq qurib bitkazilgan. Ilg‘or tajribaga ega mutaxassislar bu kabi quduqlarni burg‘ilash muddatini 600 kundan 250 kunga qisqartishga erishganlar.
Ayni paytda Xitoyda bo‘lgan “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati mutaxassislari “Tarim” konida loyiha chuqurligi 11 ming 100 metr bo‘lgan quduqni burg‘ilash jarayonlari bilan tanishdi.


Xitoylik mutaxassislar bilan yuqori harorat va haddan ortiq yuqori atmosfera bosimiga bardoshli burg‘ilash qurilmasi hamda uni boshqarish bo‘yicha tajribalari haqida o‘rtoqlashildi.
Bunday quduqni burg‘ilash olimlarga Tarim havzasining noyob geologiyasi va yerning ichki tuzilishi haqida yangi ma’lumotlar berish, geofizik tadqiqotlar uchun ma’lumotlar olish, neft va gazning yangi manbalarini izlashga imkon beradi.


Ushbu quduqni burg'ilash 2023 yil 30 mayda boshlangan. Bunday chuqurlikdagi quduqni burg‘ulash katta texnik murakkablik va xavf tug‘dirishiga qaramay, xitoyliklar maksimal chuqurlikka 457 kun ichida yetishmoqchi.


Ma’lumot uchun, “Tarim” koni Xitoydagi eng yirik va o‘ta chuqur quduqlarni o‘zida mujassamlashtirgan. Ushbu kondan kuniga 20 ming tonna neft, 92 million kub metr tabiiy gaz qazib olinadi.











